Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida jahonda savdo qoidalarining tez oʻzgarishi yoki logistikadagi uzilishlar toʻxtamayotgani sharoitida toʻqimachilik tarmogʻini rivojlantirishga alohida yondashuvlar zarurligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinishini eʼlon qildi. Agentlik toʻqimachilik, charm va ipak sanoatiga masʼul boʻladi.
Agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.
Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi. Agentlikning alohida jamgʻarmasi boʻladi, davlat koʻmagi, shuningdek toʻqimachilik korxonalariga arzon aylanma mablagʻ shu jamgʻarma orqali beriladi. Jamgʻarmaga 200 million dollar ajratiladi.
Yangi agentlikka kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport boʻyicha yechimlar ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sogʻlomlashtirish choralarini koʻrish topshirildi.
Xalqaro konsultantlar bilan birgalikda toʻqimachilikni 2030-yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqish hamda charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish boʻyicha ham takliflarni kiritish vazifasi qoʻyildi.
“Hokimlar, klasterlar va toʻqimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani bilishi kerak. Hozirgi sharoitda byudjetga 1 soʻm qoʻshimcha tushum qilish qancha qiyin boʻlayotganini tushungan tushunadi. Bugun aytilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini pulga chaqsa, 7 trillion soʻm boʻladi. Endi shunga yarasha natija ham boʻlishi kerak“, dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.
Yigʻilish davomida toʻqimachilik korxonalarining namunali tajribalari koʻrib chiqildi, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisoboti tinglandi.