Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlik jinoyat deb hisoblanuvchi qonun qabul qilindi
Qozog‘iston Senati (parlament yuqori palatasi) ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonunni ikki o‘qishda ma’qulladi. Majilis (quyi palata) fevral oyida ushbu qonunni qabul qilgan va endi uni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev imzolashi kerak.
foto:thereminder.ru
Qonun urish va qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi, shuningdek, sog‘liqqa qasddan o‘rtacha va og‘ir shikast yetkazganlik uchun jazoni kuchaytiradi. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq jinoyatlarda tomonlarning yarashuvi ehtimoli istisno qilingan.
Tuzatishlar voyaga yetmaganlarni o‘ldirish, zo‘rlash yoki jinsiy tajovuz uchun faqat umrbod qamoq jazosini nazarda tutadi, 16 yoshga to‘lmagan shaxslarni “jinsiy aloqaga chorlash” uchun jinoiy javobgarlikni o‘z ichiga oladi. O‘z joniga qasd qilishga olib borish va bunga undaganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish, suitsidni targ‘ib qilganlik uchun esa jarimalar nazarda tutilgan.
Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish qonuni sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev rafiqasi Saltanat Nukenovani shafqatsizlarcha qiynoqqa solib o‘ldirganlikda ayblanayotgani yuzasidan o‘tkazilayotgan sud jarayoni fonida ma’qullandi.