O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Qozog‘istonda namoyish etildi

28.04.2024 00:00 MARKAZIY OSIYO 8

O'zbekistonning turizm salohiyati 24-26-aprel kunlari Olmaota shahrida bo'lib o'tgan "Turizm va sayohat" (KITF-2024) 22-xalqaro sayyohlik ko'rgazmasida namoyish etildi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi tomonidan xabar qilindi.

1714282734817_022png

Foto: "Dunyo AA"

Qayd etilishicha, KITF xalqaro ko'rgazmasi 2000-yildan buyon muntazam ravishda o'tkazib kelinadi. Ushbu yarmarka Markaziy Osiyodagi eng yirik professional sayyohlik platformalaridan biri bo'lib, Qozog'iston turizm sanoatining asosiy voqeasi sifatida baholanadi.

Ko'rgazmada butun dunyodan xorijiy turoperatorlar, aviakompaniyalar va ularning vakolatxonalari, milliy va hududiy turizm tashkilotlari, sog'liqni saqlash va tibbiyot markazlari vakillari ishtirok etdi. Tashkilotchilarning aytishicha, bu galgi ko'rgazmada turizm sohasidagi 380 ta xorijiy kompaniya o'z mahsulotlarini namoyish etdi.

Forumda "Uzbekistan Airways" AJ, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo'mitasi, shuningdek, "7 travel" va "Versailles Travel" sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Ko'rgazmaning ochilish marosimi va yalpi majlisida O'zbekistonning Qozog'istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo'jayev qatnashdi. Elchi tadbirning tantanali ochilish marosimida so'zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan muhim dasturlar haqida batafsil ma'lumot berdi. O'zbekiston hukumatining hududiy turizm, ekoturizm, ziyorat turizmi, sanoat turizmi va O'zbekistonning xalqaro maydondagi sayyohlik nufuzini oshirish rejalariga alohida e'tibor qaratildi. Ko'rgazma ishtirokchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadilar va ushbu jabhada o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirdilar.

Tashkilotchilar Qozog'istonda O'zbekistonning jozibador sayyohlik yo'nalishi sifatidagi nufuzi yil sayin ortib borayotganini, buni mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonining keskin oshgani tasdiqlashini ta'kidladilar.

Ko'rgazma davomida O'zbekiston tomoni mahalliy va xorijiy sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan muzokara va uchrashuvlar o'tkazdi. Ularda o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, turizm taqdimotlarini tashkil etish va O'zbekistonga sayyohlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.