Oʻzbekiston – Qirgʻiziston hukumatlararo qoʻshma komissiyaning oʻn birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

04.05.2024 00:00 MARKAZIY OSIYO 5

Joriy yilning 3 may kuni Toshkent shahrida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston – Qirg‘iziston hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘n birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat Bosh vazirlari boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik hamda keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlangan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida barcha sohalarda ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Iqtisodiyotning turli sohalarida muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport va energetika sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashyotir. Mintaqalararo hamda madaniy-gumanitar hamkorlik kengaymoqda.

Yig‘ilishda Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov tomonidan hukumatlar zimmasiga ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgani, buning uchun barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida va so‘zsiz amalga oshirish, iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish kerakligi alohida qayd etildi.

aaa6efd3-7fc9-b774-c1f3-7c4326397a6e_lists_slider_

Foto: Gov.uz

Savdo-iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston-Qirg‘iziston sherikligining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.

Shu ma’noda, ikki Davlat Rahbarlari tomonidan hukumatlar oldiga yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha vazifa qo‘yilgan.

Yig‘ilishda mazkur topshiriq ijrosini bajarish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi, buning uchun import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqishni davom ettirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish lozimligi bildirildi.

f0f4b1b4-02ae-69e8-a64d-13d0e76ff4cb_lists_slider_

Foto: Gov.uz

Ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, energetika, qurilish, transport-logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarida hali ishga solinmagan imkoniyatlarni yuzaga chiqarish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish so‘nggida, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston – Qirg‘iziston hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘n birinchi yig‘ilishi bayoni imzolandi.