Turkmanistonda Alisher Navoiy haykali qad rostladi

20.05.2024 00:00 MARKAZIY OSIYO 4

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi. 

5c33b2b848df19a7ef99a2bc07faf19f0520

Foto: Uza.uz

Qayd etilishicha, majmuaning tantanali ochilish marosimida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgan.

Bogʻning markaziy qismi – Maxtumquli Firogʻiy yodgorligidir. Bronzadan yasalgan haykalning balandligi 60 metr, poydevorning diametri 25 metr. Yodgorlik jahonga mashhur yozuvchilarning 24 haykalini birlashtirgan yangi madaniyat va istirohat bogʻi majmuasining markaziy qismiga aylandi.

Maxtumquli yodgorligi atrofida jahon adiblari va atoqli shaxslarining haykallari oʻrnatildi. Jumladan, majmuada Onore de Balzak, Iogan Volfgang Gyote, Rabindranat Tagor, Uilyam Shekspir, Fyodor Dostoyevskiy, Dante Aligeri, Sayat-Nova va boshqa koʻplab dunyo adabiyotining yorqin vakillarining mahobatli haykallari qad koʻtargan.

Majmuada buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy haykali ham oʻzining munosib oʻrnini egalladi. Yodgorlikning ochilish marosimida mehmonlar ulugʻ shoirning oʻzbek xalqi maʼnaviyatining ajralmas qismi boʻlgan va keyingi davrlar lirikasiga ulkan taʼsir koʻrsatgan betakror ijodiy merosini alohida taʼkidladilar. Ijodiy jamoalar tomonidan Alisher Navoiy asarlari oʻzbek va turkman tillarida ijro etildi.

Turkmaniston hukumati aʼzolari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari yodgorliklar poyiga gul qoʻydilar.