O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Energetika vazirliklari Qambarota GES-1 qurilishi va ekspluatatsiyasi loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik bo‘yicha uch tomonlama bitim imzoladi. Uni qurish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi donorlik qo‘mitasi tuzildi, uning tarkibiga Jahon banki, OTB, YeTTB va boshqalar kiradi.
10−11-iyun kunlari Avstriya poytaxti Vena shahrida Jahon banki ko‘magida tashkil etilgan Qirg‘iziston xalqaro energetika investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham ishtirok etdi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Forumdan ko‘zlangan maqsad — Qirg‘izistonning energetika sohasini isloh qilish borasidagi ishlarini namoyish etish, investitsiya imkoniyatlarini, jumladan, Qambarota GES-1 loyihasini muhokama qilish, Markaziy Osiyoda toza energiyaga o‘tishni jadallashtirish bo‘yicha salohiyatni namoyish etish.
Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Avstriya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va qator xalqaro moliya institutlari vakillaridan iborat 200 ga yaqin energetika sohasi vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Energetika vazirliklari o‘rtasida Qambarota GES-1`ni qurish va foydalanish loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolandi.
Bundan tashqari, energetika sohasida, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Qambarota GES-1`da suv-energetika resurslaridan foydalanishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Forum Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi donorlik qo‘mitasini tuzish bilan yakunlandi.
Donor qo‘mitasining ilk a’zolari qatoriga Jahon banki, OPEK jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar kirdi.
Qirg‘iziston hukumati “qo‘mitaning eshiklari ochiq va manfaatdor tomonlar unga qo‘shilishi mumkin”, deb ta’kidladi. Qo‘mitaning birinchi yig‘ilishi shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadi.