Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi, dedi mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, referendum “keng umummilliy muloqotning yana bir ko‘rinishi” va “eshituvchi davlat” konsepsiyasini amalga oshirishning yorqin namunasi bo‘ladi.
Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha umummilliy referendum 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament palatalarining qo‘shma yig‘ilishida Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan yillik murojaatida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “global energiya tanqisligi kuchayib borayotganini hisobga olgan holda, biz ishonchli va ekologik toza energiya manbalariga juda muhtojmiz”. Uning fikricha, “atom energetikasini rivojlantirishga eng katta e’tiborni qaratish kerak”.
“Bu turdagi generatsiya iqtisodiyotimizning tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini sezilarli darajada qondira oladi. Bugungi kunda 30 ta rivojlangan va rivojlanayotgan davlatda 200 ga yaqin AES faoliyat ko‘rsatmoqda. Biz mamlakatimizning uzoq muddatli milliy manfaatlari va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda kelajak haqida o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun men har doim atom elektr stansiyasini qurish masalasida puxta o‘ylangan qaror qabul qilish, strategik xarakterdagi rejalarni jamiyatda keng muhokama qilish zarurligini ta’kidlab kelganman”, — dedi u.
Qozog‘iston rahbari “mamlakat hayoti uchun muhim bo‘lgan har bir qadamni xalqning qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirish kerak”, deb hisoblaydi.
“AES bo‘yicha referendumda ham shunday bo‘lishi kerak. Uni o‘tkazish haqida o‘tgan yili gapirgan edim, ya’ni bu mavzu bir yildan buyon jamoatchilikning kun tartibida turibdi. Bu fuqarolar tomonidan oqilona qaror qabul qilish uchun yetarli muddat deb hisoblayman. Shu munosabat bilan hukumat taklifini qo‘llab-quvvatlayman. AES qurilishi bo‘yicha umummilliy referendum joriy yilning 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi, bugun men tegishli farmonni imzolayman” — dedi u.
Prezident bo‘lajak referendum “keng umummilliy muloqotning yana bir ko‘rinishi va „eshituvchi davlat“ konsepsiyasini amalga oshirishning yorqin namunasi” bo‘lishini ta’kidladi.