BMT Bosh assambleyasining 79 yillik sessiyasi doirasida Markaziy Osiyoning beshta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken C5+1 formatida uchrashuv o‘tkazdi.
“Qariyb o‘n yil avval Samarqandda ilk bor boshlangan C5+1 tashabbusining izchil rivojlanishi Markaziy Osiyoda tinchlik va farovonlik yo‘lida birgalikdagi harakatimizni namoyish etadi”, deb yozdi uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.
Entoni Blinken X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSH Markaziy Osiyo mustaqilligi, farovonligi va xavfsizligini saqlashga qaratilgan umumiy maqsadlarga erishish uchun mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qilish tarafdori ekanini yozdi.
2023-yil 19-sentyabrda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH rahbarlarining C5+1 formatidagi birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar hamda Nyu York deklaratsiyasida erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish tarafdori ekanligini bildirdi.