Qirg‘iziston madhiyasi qayta yozilishi mumkin

26.10.2024 00:00 MARKAZIY OSIYO 5

Qirgiziston

foto:facebook.com

Qirg‘izistonda parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev mamlakat madhiyasi qayta yozilishini ma’lum qildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Biz hozirgi madhiyamizni Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqqanimizdan so‘ng qabul qilgan edik. Hozir biz oyoqqa turgan va taraqqiyot yo‘lidan borayotgan davlatmiz. Shuning uchun madhiyamizni o‘zgartirishimiz lozim. U shunday bo‘lishi kerakki, hamma kuylasin, dedi Nurlanbek Shakiyev.

2023-yil dekabr oyida Qirg‘iziston davlat bayrog‘i rasman o‘zgartirilgandi. Jumladan, bayroqdagi quyosh nurlarining to‘lqinsimon shakli to‘g‘ri chiziqqa o‘zgartirilgan. Tegishli tashabbus prezident Sadir Japarov tomonidan ilgari surilgandi. U va o‘zgarish tarafdorlari bayroq markazidagi quyosh nurlari to‘lqinsimon bo‘lgani sababli “odamlarni chalg‘itishi, jumladan, kungaboqar guliga o‘xshab qolayotgani”ni aytgandi.