Qirg‘iziston va Tojikiston bahsli hududlarini taqsimlash ishlari oxoroga yetdi

14.12.2024 00:00 MARKAZIY OSIYO 7

Japarov, Rahmon

foto:Akipress

Qirg‘iziston va Tojikiston bahsli hududlarni teng taqsimladi. Bu haqda Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarovga tayanib Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlararo komissiya har ikki mamlakat manfaatlarini hisobga olgan.

“Aytish mumkinki, bahsli masalalarda o‘zaro kelishuvga erishdik, nizoli hududlarni teng taqsimlab oldik”, dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi joylarda tomonlar hududlarni almashishga kelishib olgan. Hukumatlararo komissiya ishini yakunlagach, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara ochiladi.

“Chegara postlari uch yildan beri yopilgan. Oqibatda ikkala tomon ham iqtisodiy yo‘qotishlarga uchradi. Savdo to‘xtatildi. Endi biz chegara postlarini ochamiz va ikki davlat o‘rtasidagi savdoni eng yuqori darajaga ko‘tarishimiz kerak”, deydi Japarov.

Qirg‘iziston rahbari qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida bundan buyon kelishmovchiliklar bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlamoqda.

“Chegaralar muammosi hal etilgach, har ikki xalqning hayoti yaxshilanadi”, deya ishonch bildirgan u.