Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi chegara oʻtkazish punktlaridan biri 3 oyga yopiladi

27.01.2025 00:00 MARKAZIY OSIYO 5

Qozogʻiston Respublikasining “Tajen” (Oʻzbekiston Respublikasining “Dovud ota”) chegara oʻtkazish punktida taʼmirlash va jihozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan 2025-yil 1-fevraldan boshlab 3 oy muddatga shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati vaqtincha toʻxtatiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi davlat Bojxona qoʻmitasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

19e10a8258d26a2345158644f72886010127

Foto: xs.uz

Mazkur davr mobaynida fuqarolar va transport vositalari harakatlanishi uchun “Yallama”, “Zangiota (Navoiy chegara bojxona posti)”, “Oq oltin” va “Malik” oʻtkazish punktlari foydalanish tavsiya etilmoqda. Shuningdek, jismoniy shaxslar temir yoʻl orqali harakatlanish uchun “Qoraqalpogʻiston” temir yoʻl oʻtkazish punktidan foydalanishlari mumkin.

Ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan ortiq boʻlgan yuk avtomobillari esa oʻz harakatlarini “Tajen” (Qozogʻiston) – “Dovud ota” (Oʻzbekiston) chegara oʻtkazish punkti orqali uzluksiz davom ettiradilar. Ushbu oʻzgarishlar vaqtida chegaradan oʻtish rejalarini qayta koʻrib chiqish fuqarolardan soʻralmoqda.

Chegara oʻtkazish punktlaridagi taʼmirlash ishlari tugallangach, ushbu yoʻnalishlarda harakat tiklanishi kutilyapti. “Fuqarolardan yangi yoʻl koʻrsatmalariga rioya qilish va chegara oʻtkazish punktlarida yaratilgan qulayliklardan foydalanishlari soʻraladi”, deyilgan xabarda.