Chegarada sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish uchun 50 mln dollar ajratilishi mumkin

22.03.2025 00:00 MARKAZIY OSIYO 6

chegara,bojxona

Qozog‘iston parlamenti Senati O‘zbekiston bilan chegara hududida "Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini qurish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

"Kazinform" xalqaro axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, sanoat kooperatsiyasi markazi Qozog‘istonning "Atameken" va O‘zbekistonning "Guliston" nazorat-o‘tkazish punktlari yaqinida joylashadi.

Mazkur markaz ishlab chiqarish maydonchalari, omborlar va transport infratuzilmasidan iborat bo‘ladi, bu esa yuk tashishni tezlashtirish, logistika xarajatlarini kamaytirish, ta’minot zanjiri ishtirokchilari sonini qisqartirish, shuningdek, yakuniy iste’molchi uchun mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini beradi.

"Markazning umumiy maydoni 100 gektar etib belgilangan. Ushbu hududga mintaqaviy sanoat zonasi maqomi beriladi, – deb yozgan manba. – Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarur sarmoyalar taxminan 27 milliard tengeni (taxminan 54 million AQSh dollari) tashkil etadi".

Shuningdek, materialda "Mazkur xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo, charm, to‘qimachilik hamda tikuvchilik sanoatida ishlab chiqarishni rivojlantirishga ko‘maklashadi", – deya deputat Alisher Satvaldiyev so‘zlaridan iqtibos keltirilgan.