27 mart kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlarining 20-uchrashuvi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov xabar berdi.
Uchrashuvda Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston TIV rahbarlari ishtirok etgan. Uchrashuvda 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitiga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, keng ko‘lamli masalalar, jumladan, hozirgi geosiyosiy vaziyatning mintaqaviy oqibatlari, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, energetika, suv resurslari, savdo, ta’lim va fan sohalaridagi hamkorlik muhokamalarning asosiy mavzulari bo‘lgan.
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili va Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas ham ishtirok etgan.