O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarada savdo-sanoat zonalari tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 mln dollarlik eksport amalga oshirilmoqda. Prezident Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda ham xuddi Afg‘oniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etish muhimligini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqishni topshirdi.
Xo‘jaoboddagi “Do‘stlik” postidagi katta tirbandlikdan aholi ham, tashuvchilar ham norozi ekaniga e’tibor qaratildi. Mas’ul vazirlik va idoralar oldiga tirbandlik sababini o‘rganib, tez fursatda buning yechimi bo‘yicha taklif berish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temiryo‘li qurilishi loyihasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Prezident bu yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi 1 ming kilometrga qisqarib, yuk tashish 10 barobar oshishini aytdi.
“Lekin, ichki temir yo‘l tarmoqlarimiz, bojxona punktlari, stansiyalar bu yukni qabul qilish va o‘tkazishga qanchalik tayyor?”, deya savol qo‘ydi davlati rahbari.
Mutasaddilarga bu boradagi hisob-kitoblarni qilib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.