Toshkentda uran merosi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi

23.04.2025 00:00 MARKAZIY OSIYO 7

Markaziy Osiyo uran merosini qayta tiklash loyihasining yangi bosqichini boshladi

Toshkentda YeI, YeXHT va BMTTD tomonidan Markaziy Osiyoda uran merosi oqibatlarini bartaraf etish, insonlar va tabiatni himoya qilish hamda mintaqadagi xavfsizlikni oshirishga qaratilgan loyihaning uchinchi bosqichini boshlovchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Loyiha O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonni qamrab oladi.

Yevropa Ittifoqi, YeXHT va BMTTD uran merosini qayta tiklash loyihasining yangi bosqichini boshladi. Ochilish yig‘ilishi 17−18-aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda “Markaziy Osiyoda uran merosi obyektlarini bartaraf etishda manfaatdor tomonlarni jalb qilish” mintaqaviy loyihasining uchinchi bosqichini amalga oshirish rejalari muhokama qilindi. Unda hukumatlar, mahalliy hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va asosiy hamkorlar vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar hamkorlikni kuchaytirish va uran merosi obyektlarini barqaror boshqarish bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqdi.

Loyiha Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlarida inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf soluvchi uran chiqindilarini kamaytirish, shu bilan birga, mahalliy aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.

Uning birinchi va ikkinchi bosqichlarida asosiy maqsadlarga erishildi: 7 ta elektr transformator stansiyasi o‘rnatildi, 120 ta radiatsiyaviy xavfsizlik belgisi o‘rnatildi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi dozimetrik asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Mahalliy aholiga maxsus o‘quv materiallari tarqatildi.

Loyiha doirasida uran konlari o‘zlashtirilayotgan hududlardagi 7 ta mahalliy biznes qo‘llab-quvvatlandi, 500 dan ortiq jamiyat a’zolari tadbirkorlikka o‘qitildi va O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, energetika va turizm sohalarida tanlab olingan 8 ta jamoaviy loyihadan 4 tasi amalga oshirildi.

Uchinchi bosqichda loyiha aholining xabardorligini oshirish, mahalliy hokimiyat organlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish va uran merosi obyektlarini samarali tiklash bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining Radiatsiyaviy, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofaza qilish boshqarmasi vakili Zulfiqor Qilichov mazkur loyihaning ahamiyatini ta’kidlab, mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo‘shishini qayd etdi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Karman hamkorlarni uran merosi xavfidan eng ko‘p jabr ko‘rgan Markaziy Osiyo hamjamiyatlarini hech kimni ortda qoldirmasdan tiklashda faol bo‘lishga chaqirdi.