Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp AQSHning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)dan chiqishini e’lon qildi.
Tramp o‘z inauguratsiyasidan so‘ng imzolagan dastlabki rasmiy hujjatlardan biri Qo‘shma Shtatlarning JSSTdan chiqishi to‘g‘risidagi farmon bo‘ldi. U tashkilotning 2020-yilda Uxanda (Xitoy) yuzaga kelgan COVID-19 pandemiyasi, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa global inqirozlar paytidagi samarasiz harakatlariga ishora qildi
Trampning ta’kidlashicha,JSST Qo‘shma Shtatlardan boshqa mamlakatlar to‘lovlaridan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan adolatsiz badal to‘lovlarini talab qilishni davom ettirmoqda.\Aholisi 1,4 milliard kishini tashkil etadigan Xitoyning aholisi AQSH aholisidan uch baravar ko‘p, ammo u JSSTga deyarli 90 foiz kamroq mablag‘ ajratadi, degan Tramp.
Yangi farmonga ko‘ra, prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Milliy xavfsizlik kengashi doirasida jamoat salomatligini va biologik xavfsizlikni himoya qilish mexanizmlarini ishlab chiqishi lozim.
AQSH yetakchisi davlat kotibiga va Ma’muriy-byudjet boshqarmasi direktoriga hukumatning JSSTga har qanday mablag‘, qo‘llab-quvvatlash yoki resurslarini o‘tkazishni to‘xtatish uchun tegishli choralar ko‘rishni; JSST bilan ishlaydigan AQSH hukumati xodimlari yoki pudratchilarini chaqirib olish va qayta tayinlashni; shuningdek, ilgari JSST tomonidan bajarilgan zarur vazifalarni amalga oshirish uchun AQSHda va xorijda ishonchli hamda shaffof hamkorlarni aniqlashni topshirdi.