Tramp va Zelenskiy qarshiligi:har ikkisi ham ayblovlarni rad etmoqda

01.03.2025 00:00 Dunyo 4

Zelenskiy

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy u bilan bo‘lgan mojarodan keyin Oq uyga qaytishni istayotganini aytdi. Tramp taklifni rad etganini qo‘shimcha qildi.

«Endi u hozir qaytishni istayotganini aytmoqda. Ammo men bunday qila olmayman», — dedi Donald Tramp jurnalistlarga. 

U suhbatni davom ettirishni istamasligining sababini ko‘rsatmagan.

Fox News'ga bergan intervyusida Vladimir Zelenskiy, agar unga hozir Oq uyga qaytish taklif qilinsa, rad etishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u «yomon narsa» qilmagan va uzr so‘rashi kerak deb hisoblamaydi.

Fox News xabariga ko‘ra, AQSh tomoni Vladimir Zelenskiydan Oq uyni tark etishni so‘ragan. Axios nashrining manbalariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Kiyev delegatsiyasi bilan birga taxminan bir soat davomida foydali qazilmalar bo‘yicha bitim imzolanishini kutgan.

Tramp bilan shov-shuvli muzokaralardan so‘ng Zelenskiy Fox News telekanaliga intervyu berdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina AQShning hamkori bo‘lib qolishni istaydi va resurslar bo‘yicha kelishuvga tayyor, ammo Rossiya bilan tinchlik o‘rnatish uchun unga xavfsizlik kafolatlari kerak.

«Urush tugashini ukrainaliklardan ko‘proq hech kim xohlamayapti», dedi Zelenskiy. Biroq, deya davom etdi u, Ukraina xalqi adolatli va mustahkam tinchlikni istaydi, bu esa Qo‘shma Shtatlar xavfsizlik kafolatlarisiz mumkin emas. U bo‘lmasa ukrainaliklar «Putin ertaga qaytib keladi» deb qo‘rqishadi, chunki Rossiya prezidenti kelishuvlarni bir necha marta buzgan, deya ta’kidladi Ukraina rahbari.

Zelenskiy Tramp bilan mojarosi «har ikki tomon uchun ham yomon» ekanini aytdi, biroq u o‘zini «yomon ish qilgan» deb o‘ylamayapti va kechirim so‘rashi kerak emas. Muzokaralarni davom ettirish uchun hozir Oq uyga qaytishga tayyormi, degan savolga Ukraina prezidenti: «Yo‘q», deb javob berdi.

Studiyadagi muloqot chog‘ida Donald Trampning Oq uydagi uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy haqida aytgan: «U jang qilishda, kurashishda davom etishni xohlaydi» degan bayonoti aks etgan video namoyish etildi.

«Biz jang qilishni xohlab turganimiz yo‘q», — deya izoh berdi Ukraina prezidenti videoga. «Men o‘z fuqarolarimizni, askarlarimizni hurmat qilaman. Shuning uchun Ukraina qachon va qanday kafolatlar olishi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmasam, qaytib kelolmayman».