Xitoy AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy qilingan yangi boj tariflariga norozilik bildirdi.
Xitoy Savdo vazirligi bayonotida Pekin bu qarorga qat’iyan rozi emasligini va o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qat’iy qarshi choralar ko‘rish niyatida ekanligi aytgan
«Qo‘shma Shtatlarda «o‘zaro tariflar» deb ataladigan siyosat sub’yektiv va bir tomonlama baholashga asoslangan va xalqaro savdo qoidalariga mos kelmaydi. Bu bir tomonlama iqtisodiy majburlash namunasidir. Bunday harakatlar nafaqat Qo‘shma Shtatlarga zarar yetkazadi, balki jahon iqtisodiyoti rivojlanishi va ta’minot zanjirlari barqarorligiga tahdid soladi», deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham AQSh tariflariga qarshi choralarni tayyorlamoqda. Bu haqda Yevrokomissiya (YK) prezidenti Ursula fon der Lyayyen aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning barcha mamlakatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi tovarlariga bojlar joriy etish haqidagi qarori jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi.
YK rahbarining eslatishicha, YI har doim AQSh bilan savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha muzokaralarga ochiq.
«Shu bilan birga, biz qarshi choralar ko‘rishga tayyormiz. Biz po‘lat tariflariga javoban birinchi paketni tayyorlamoqdamiz. Agar muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda biz o‘z manfaatlarimiz va biznesimizni himoya qilish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni tayyorlayapmiz», dedi u.