Tramp “javob” bojlarini 90 kunga to‘xtatdi

11.04.2025 00:00 Dunyo 6

Tramp boj

Donald Tramp bozorlardagi “g‘amgin” vaziyat fonida o‘nlab mamlakatlar uchun “javob” bojlarini joriy etishni 90 kunga to‘xtatib qo‘ydi. Xitoy uchun bojlar 104 foizdan 125 foizga oshirildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoydan tashqari 60 mamlakat uchun oshirilgan “javob” bojlarini joriy etishni 90 kunga to‘xtatib qo‘yishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda CNN va New York Times. Bu davrda ular uchun 10 foizli universal tarif amal qiladi.

Xitoy uchun import bojlari 104 foizdan 125 foizga oshiriladi. “Xitoyning jahon bozorlariga hurmatsizlik ko‘rsatayotgani sababli men AQShning Xitoydan oladigan bojlarini 125 foizgacha ko‘taraman va darhol kuchga kiradi. Qachondir, umid qilamanki, yaqin kelajakda Xitoy AQSh va boshqa mamlakatlarni talon-toroj qilish mumkin emasligini va qabul qilib bo‘lmasligini tushunib yetadi”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Shuningdek, u 75 dan ortiq davlat tariflar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish iltimosi bilan AQShga murojaat qilganini aytdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning oshirilgan bojlarni joriy etishdan voz kechish qaroriga fond bozorlaridagi vaziyat ta’sir ko‘rsatgan.

“So‘nggi bir necha kun ichida hamma narsa juda g‘amgin ko‘rinardi. Odamlar biroz haddan oshirib yuborayotganini o‘yladim. Ular biroz qo‘rqa boshlashdi. Moslashuvchan bo‘lish kerak”, — dedi prezident.