AQSh “tarif raqamlari o‘yini”ni davom ettirsa, bunga ahamiyat bermaymiz, deya bayonot berdi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi. Tramp kuni kecha Xitoyga qarshi 245 foizgacha tariflar joriy etish bilan tahdid qilgandi. Vashingtonga ko‘ra, Tramp Xitoy bilan bitim tuzishga tayyor, lekin Pekin birinchi qadamni qo‘yishi kerak.
Agar Qo‘shma Shtatlar “tarif raqamlari o‘yini”ni davom ettirsa, Xitoy bunga ahamiyat bermaydi, dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi. Bu bayonot Oq uy Xitoyning javob harakatlari tufayli 245 foizgacha bo‘lgan tariflarni kiritishini ta’kidlaganidan so‘ng yangradi, deb yozmoqda Reuters.
Oq uy seshanba kuni e’lon qilgan ma’lumotlarda aytilishicha, Xitoyga qarshi umumiy bojxona to‘lovlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: so‘nggi javob chorasi sifatida belgilangan 125 foizli boj, fentanil inqirozini hal qilish maqsadida qo‘yilgan 20 foizli boj, shuningdek, adolatsiz savdo amaliyotlariga qarshi kurashishda ma’lum tovarlar uchun 7,5 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan tariflar.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu oshirilgan tariflar AQShning savdo choralaridan bosim va qo‘rqitish vositasi sifatida foydalanishini ta’kidlash uchungina xizmat qiladi — oxir-oqibat Vashington “kulgiga qoladi”.
O‘tgan hafta Xitoy ham Jahon savdo tashkilotiga yangi shikoyat bilan murojaat qilib, Vashingtonni jahon savdo organi qoidalarini buzishda ayblab, AQSh bojlaridan “jiddiy xavotir” bildirdi.