Pekinda Markaziy Osiyo va Xitoyning xavfsizlik sohasidagi hamkorligi muhokama qilindi

08.09.2026 11:00 IPAK YO‘LI 4319 ipaknews.uz

Pekin shahrida “Markaziy Osiyo — Xitoy” formatida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli idoralari rahbarlari hamda Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchilik qildi.

Uchrashuvda transchegaraviy tahdidlar kuchayib borayotgan bir sharoitda huquq-tartibot va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, terrorizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, odam savdosi hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurash masalalariga e’tibor qaratildi.

Kiberhududdagi jinoyatlarga qarshi kurashga alohida urg‘u berildi. Ta’kidlanganidek, jinoyat tashkilotchisi, ijrochisi va jabrlanuvchisi turli mamlakatlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan bugungi sharoitda bunday tahdidlarga qarshi samarali kurashish huquq-tartibot idoralari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi va harakatlarni muvofiqlashtirishni talab etadi.

Muloqot davomida tomonlar tajriba almashish, amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda huquq-tartibot idoralari faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalarini ham muhokama qildilar.

Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy huquq-tartibot idoralari xodimlari uchun o‘quv bazasi ham ochildi. Mazkur baza mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, tajriba almashish va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish uchun xizmat qiladi. Jumladan, transmilliy va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Ishtirokchilar mutaxassislarni birgalikda tayyorlash xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy yondashuvlarni shakllantirish va jinoyatchilikning yangi shakllariga qarshi kurash samaradorligini oshirish imkonini berishini ta’kidladilar.

Xitoy Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaohun Aziz Tashpulatovga “Buyuk Xitoy devori” esdalik nishonini ham topshirdi. Mazkur nishon ikki tomonlama munosabatlar va idoralararo hamkorlik rivojining ramzi sifatida baholandi.

Uchrashuv yakunida jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda huquq-tartibot idoralari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish borasidagi Xitoy tajribasining ahamiyati qayd etildi.

Tomonlar kelgusida tajriba almashinuvini davom ettirish zamonaviy transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.