Hindiston va Pokiston o‘zaro havo zarbalarini amalga oshirdi

07.05.2025 00:00 Dunyo 8

Seshanba kunidan chorshanbaga o‘tar kechasi Hindiston Pokistonni va Pokiston tomonida joylashgan Kashmir hududini bombardimon qildi. Pokiston bu hujumni «urush e’lon qilish darajasidagi dahshatli harakat” deb baholadi, deb xabar berdi Reuters. 
 
Hindiston Mudofaa vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Hindiston Qurolli kuchlari «Sindur” operatsiyasini boshlab, to‘qqizta obyektni nishonga olgan. Hindiston Jammu va Kashmirdagi terrorchilik infratuzilmasiga zarbalar berganini aytmoqda. 
 
Pokiston esa armiyasi bu zarbalar aholi yashaydigan hududlarga berilganini, terrorchilarga emasligini ma’lum qilgan. Hujumlar natijasida sakkiz kishi halok bo‘lgan, 35 kishi yaralangan, ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Bir zarba masjidga to‘g‘ri kelgan. 
 
SAMAA TV telekanali xabar berishicha, Pokiston ham Hindiston hududidagi obyektlarga javob zarbalari bergan.