May oyida Shensi provinsiyasi markazi Sian shahrida Markaziy Osiyo bog‘i ochiladi.
Ayni paytda obyekt qurilishi yakuniy bosqichda. Markaziy Osiyo bog‘i loyihasi uchta asosiy hududni o‘z ichiga oladi: landshaft hududi, “Ipak yo‘li” qabullar zali va “Markaziy Osiyo” restoranlari hududi.
“Ipak yo‘li”ni qabullar zali Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida madaniy aloqalar, savdo-iqtisodiy muzokaralar, turizmni rivojlantirish va tovarlar savdosi uchun asosiy platforma sifatida loyihalashtirilgan.
“Ipak yo‘li” qabullar zali maydoni qariyb 2700 kvadrat metrni tashkil etadi va 1000 dan ortiq import qilinadigan tovarlar assortimentini o‘z ichiga oladi.
Qayd etish kerak, oʻtgan yilning 18-19-may kunlari aynan Sian shahrida birinchi “Xitoy-Markaziy Osiyo” sammiti boʻlib oʻtdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Tokayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Forumga XXR raisi Si Szinpin raislik qildi.
Davlat rahbarlari “Xitoy-Markaziy Osiyo” mexanizmini yaratish, turli sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar va qator hujjatlarni, jumladan, Sian deklaratsiyasini imzoladilar.