O‘zbekiston va Xitoy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanmoqda

27.05.2024 00:00 IPAK YO‘LI 6

Xitoy Xalq Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport bosh davlat boshqarmasi boshlig‘i, Xitoy Olimpiya qo‘mitasi raisi, Xalqaro ushu federatsiyasi rahbari Gao Chjidan amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

2024-05-26_153650

Foto: O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini sport sohasida yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Mehmonni vazir Adham Ikromov boshchiligidagi O‘zbekiston Sport vazirligi vakillari kutib oldi. Tomonlar suhbat o‘tkazdi, unda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Unda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Yu Jun va MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.

Suhbat chog‘ida Adham Ikromov O‘zbekiston Prezidenti tomonidan sohani rivojlantirish, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Oybek Qosimov “Toshkent-2025” yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga Xitoy tajribasi inobatga olingan holda olib borilayotgan tayyorgarlik haqida gapirdi.

Gao Jidanning ta’kidlashicha, o‘zbek sportchilarining so‘nggi yillarda erishgan salmoqli yutuqlari, xususan, mamlakatimizning Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida kuchli beshlikdan joy olgani O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

Xitoy delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov va  Bosh kotib Oybek Qosimov mehmonlarga MOQ faoliyati, o‘zbekistonlik sportchilarning Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki haqida so‘zlab berdi.

Qayd etish kerak, 2020-yil O‘zbekiston va Xitoy Olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Oybek Qosimov memorandumni yangilash va uning bandlarini boyitish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Gao Chjidan ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, mamlakatimiz bilan hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini ma’lum qildi.