Joriy yilning 4-iyun kuni Toshkent shahrida “Birgalikda farovonlik va barqaror rivojlanish yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlik” mavzusida “Markaziy Osiyo – Xitoy” tahlil markazlarining IV forumi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil may oyida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Sian shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida ilgari surilgan tashabbusini amaliy amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda 20 ga yaqin yetakchi tadqiqot va tahliliy markazlardan 40 dan ortiq yetakchi va ekspertlar, XXR va Markaziy Osiyo davlatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forum kun tartibidan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, yashil iqtisodiyot, shuningdek, transport, logistika va innovatsiyalar sohasida koʻp tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokamasi oʻrin olgan.
Forum yakunlari bo‘yicha tomonlar XXR va Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarining yangi aloqa nuqtalarini aniqlaydi, hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini belgilaydi va ko‘p tomonlama hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlash maqsadida aniq takliflar ishlab chiqadi.