Joriy yilning 23-may kuni Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyunning “Xitoy va Xitoy-Markaziy Osiyo formati taraqqiyoti” mavzusida ochiq ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi.
Foto: Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Tadbir mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar, Xitoyning joriy tashqi siyosati va O‘zbekiston-Xitoy sherikligi istiqbollari yuzasidan mazmunli fikr almashish uchun muhim maydonga aylandi. Unda ilmiy jamoatchilik va tadqiqot markazlarining yetakchi vakillari hamda ilmiy va ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Foto: Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Uchrashuvni Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov ochar ekan, Xitoy elchisining institutdagi nutqi nafaqat tahliliy va ilmiy muloqotni mustahkamlash doirasidagi birinchi muhim voqea, balki qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha barqaror platformani shakllantirish yo‘lidagi qadam ekanligini alohida ta’kidladi.
XXR Elchisi Yuy Szyun o‘z nutqida Xitoyning mintaqadagi tashqi siyosati strategiyasining asosiy vektorlarini aytib o‘tdi, Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va ochiqlik modeliga to‘xtaldi. Uning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo Xitoy bilan ming yillik tarixiy, madaniy va geografik aloqalarga ega mintaqa sifatida Xitoy tashqi siyosatida alohida oʻrin tutadi. “Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati Xitoyning strategik hamkori maqomiga ega, bu esa mintaqani nafaqat yaqin qoʻshni, balki “umumiy taqdir hamjamiyati”ni barpo etishda ishonchli ittifoqchiga aylantiradi”, - dedi Xitoy elchisi.
Foto: Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Elchi oʻzaro iqtisodiy hamkorlik dinamikasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. O‘tgan 30 yilda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 460 million dollardan 94,8 milliard dollarga o‘sdi, Xitoyning mintaqaga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi hajmi esa 15 milliard dollardan oshdi. Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun savdo va sarmoyaviy sherik sifatida yetakchi o‘rinni egalladi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy kompaniyalari tomonidan mintaqada imzolangan injiniring shartnomalari qiymati o‘nlab milliard dollardan oshdi, bu amaliy hamkorlikning jadal kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Elchi taʼkidlaganidek, eng muhim logistika yutuqlaridan biri Sharqiy va Gʻarbiy Osiyo oʻrtasida yuk tashishning eng qisqa yoʻliga aylanadigan Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishining boshlanishi boʻldi. Bugungi kunda Xitoydan Yevropaga qatnovchi temir yo‘l konteyner poyezdlarining 80 foizi Markaziy Osiyo orqali o‘tmoqda va 2024-yilda bunday poyezdlar soni 12 mingdan ortiqni tashkil etdi – o‘tgan yilga nisbatan 11,3 foizga ko‘p.
Foto: Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Elchi texnologik transformatsiya va raqamli hamkorlik masalalari haqida batafsil gapirib berdi. Xususan, Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasi – ma’lumotlar markazlari, 5G platformalari va sun’iy intellekt markazlarini yaratishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi. Bu borada Xitoyning ekologik barqarorlik va “yashil” rivojlanishga qaratilgan loyihalarda, jumladan, quyosh elektr stansiyalarini qurish va O‘zbekistonda suvni tejashning intellektual tizimlarini joriy etishdagi faol ishtiroki alohida ahamiyatga ega.
Gumanitar sohada Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari hurmat va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga asoslangan mustahkam hamkorlikni namoyish etmoqda, dedi xitoylik diplomat. Shu munosabat bilan Konfutsiy institutlarining ahamiyati, shuningdek, zamonaviy Xitoy standartlari bo‘yicha texnik mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan "Lu Ban ustaxonasi" dasturi ishlab chiqilishi ta’kidlandi.
Foto: Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Elchi shuningdek, XXR tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda tibbiy dasturlar, jumladan, “Nurli yoʻl” xalqaro ekspressi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, uning doirasida mintaqa mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekistonning minglab fuqarolari uchun xitoylik yetakchi mutaxassislar tomonidan oftalmologik va kardiojarrohlik muolajalari olib borilgani haqida ham aytib oʻtdi.
Maʼruza soʻngida savol-javob boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekistonning ekspertlar hamjamiyati, ilmiy doiralari va tahliliy markazlari vakillari Xitoy elchisiga Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarining istiqbollari, ShHT doirasidagi hamda Markaziy Osiyo-Xitoy formatidagi hamkorlikka oid bir qator mazmunli va dolzarb savollar bilan murojaat qilishdi.
Foto: Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Uchrashuvning muhim ramziy lahzasi Xitoyning ixtisoslashgan nashrlarining yangi to‘plamini institut kutubxonasiga topshirishning rasmiy marosimi bo‘ldi. U tarix, siyosat, huquq, madaniyat, ekologiya va texnologiyaga oid ishlar, jumladan, XXR Raisi Si Szinpinning tanlangan nutqlari hamda raqamli transformatsiya va qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha zamonaviy tadqiqotlarni o‘z ichiga oladi. Tomonlar fikricha, topshirilgan adabiyotlar tadqiqot va ilmiy ishlar uchun qimmatli yordam bo‘lib xizmat qiladi.
Foto: Markaziy Osiyo xalqaro instituti