Xitoy va O‘zbekiston aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi, – dedi Yuy Szyun. – Bu ayniqsa, Buyuk ipak yo‘li tashkil etilgach yanada rivojlangan. Xalqlarimizni nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniy hamkorlik aloqalari ham mustahkam rishtalar bilan bog‘lab turadi. Azaliy do‘stlik munosabatlarimiz keyingi yillarda barcha sohalarda rivojlanib borayotganiga guvohmiz. Davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi yil sayin o‘sib bormoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha ham Xitoy yetakchilik qilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 2800 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mashinasozlik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar sohalarida bizning kompaniyalarimiz bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Transport -kommunikatsiya sohasidagi aloqalar tufayli Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li barpo etilmoqda. Bu savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashi, shubhasiz. Mamlakatlarimiz mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik ham bugun kengayib boryapti. Bularning barchasi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 75 yilligini O‘zbekiston xalqi biz bilan birga nishonlayotganidan, madaniy tadbirlar uyushtirayotganidan xursandmiz.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimligi va jamoatchiligi vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarga to‘xtaldilar.
Madaniy dastur davomida Gansu raqs teatri bilan birga Samarqand xalqaro texnologiya universiteti badiiy jamoasi tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbirlar doirasida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.