“O‘zatom” rahbari Xitoyga tashrif buyurib, AES qurilishi uchun Xitoydan moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Tashrif davomida “O‘zatom” va “Rosatom” rasmiylari Shanghai Electric kompaniyasi vakillari bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazib, stansiyaning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun energetik jihozlar va turbinalar yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqdi.
Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, Ahmadxo‘jayev Xitoy Eksimbanki bilan muzokara o‘tkazgan. Uchrashuvda O‘zbekistonda AES qurilishi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Xitoydan moliyaviy resurslarni jalb qilish istiqbollari muhokama qilingan.
Bundan tashqari, Xitoy milliy yadro korporatsiyasi (CNNC)ning xorijiy loyihalar uchun mas’ul bo‘limi – CNOS ofisida “O‘zatom”, “Rosatom” va Shanghai Electric kompaniyasi vakillari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
“Uchrashuvning asosiy maqsadi Shanghai Electric kompaniyasining turbina jihozlari ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish va ushbu jihozlarni O‘zbekistonda AES loyihasi talablariga moslashtirish istiqbollarini baholashdan iborat bo‘ldi.
Tomonlar AESning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun jihozlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi”, – deyiladi xabarda.