Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘lida tunnel qurilish ishlari boshlandi

30.04.2025 00:00 IPAK YO‘LI 9

tunnel
Foto: gov.kg.


Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanida Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston xalqaro temir yo‘lining eng muhim elementlaridan biri - tunnel qurilishiga tantanali ravishda start berildi.


Marosimda ishtirok etgan Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Bakit Toroboyev qurilayotgan temir yo‘l shunchaki transport yo‘lagi emas, balki Sharq va G‘arb mamlakatlarini bog‘lovchi strategik ahamiyatga ega ko‘prik ekanini ta’kidladi.


"Bu loyiha nafaqat infratuzilmaviy ahamiyatga ega,balki hayot sifatini oshirish, iqtisodiy o‘sish, hududlar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yo‘l ochadi. U savdo, investitsiya, sanoat va logistikani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, minglab ish o‘rinlari bilan ta’minlaydi, mamlakatlarimiz iqtisodiyotiga kuchli turtki bag‘ishlaydi.

Ushbu keng ko‘lamli loyihaga hissa qo‘shayotgan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Biz shunchaki yo‘l qurmayapmiz, biz kelajakni quryapmiz," - dedi Baxit Toroboyev.

Marosimda O‘zbekiston Transport vazirligi va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi, shuningdek, uch mamlakat davlat organlari va "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" qo‘shma temir yo‘l korxonasi xodimlari ishtirok etdi. Temir yo‘l birdamlik, taraqqiyot va kelajakka ishonch ramziga aylanishiga ishonch bildirildi.

2024-yil 27-dekabr kuni Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur temir yo‘l loyihasining umumiy uzunligi 532,53 kilometrni tashkil etadi.

Qurilayotgan tunnelning uzunligi 12 kilometrni tashkil etadi. U Suzoq tumani va To‘g‘uz-To‘rov tumani hududidan o‘tadi. Norin va Jalolobod viloyatlarida yana ikkita yirik tonnel qurilishi rejalashtirilgan.