«II Xalqaro matematika yozgi oromgohi – 2024»da Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolarining barchasi sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Fan olimpiadalarini oʻtkazish va iqtidorli oʻquvchilarni saralash boshqarmasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.
![]()
Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
Xitoyda xalqaro yigʻinda ishtirok etayotgan matematika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi intellektual oromgoh qatnashchilari oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro olimpiadada 1 ta kumush va 5 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi.
Mazkur xalqaro tayyorgarlik ikkinchi marta XXR tomonidan tashkil qilingan boʻlib, joriy yil 11-22-iyul kunlari Angliyaning Bat shahrida oʻtkaziladigan 65-Xalqaro matematika olimpiadasi oldidan oʻziga xos sinov vazifasini bajarmoqda.
Maʼlum qilinishicha, Axtamov Ozodbek (10-sinf) kumush, Boboqulov Asadbek (akademik litsey 1-bosqich talabasi), Gʻaffarov Rasulbek (9-sinf), Suyunova Madina (11-sinf), Zohidjonov Elbek (9-sinf) va Jaylovov Toʻlqin (9-sinf) bronza medaliga ega chiqishdi.
Maʼlumot uchun aytish mumkinki, ushbu intellektual oromgoh 15-iyun – 3-iyul kunlari boʻlib oʻtdi. Pekin shahrida dunyoning 31 mamlakatidan 340 ga yaqin terma jamoa aʼzolari va trenerlari «II Xalqaro matematika yozgi oromgohi – 2024»da ishtirok etishdi.