Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgiladi. Ushbu qaror inflatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib qabul qilingan.
Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 iyuldagi yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bazaviy inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng bo‘lgan va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaygan. Bu energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘lganligi bilan izohlanib, inflatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora beradi.
Joriy yilning II choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, so‘m almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati bo‘yicha indekslarda so‘nggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan bo‘lsada, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.