Yerdan foydalanishga oid qonunbuzilishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Yerdan foydalanishga oid qonunbuzilishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

29.07.2024 00:00 O'zbekiston 5

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi veb sayti xabar berdi.

Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yerdan foydalanishga oid qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.  

Ayrim qonun hujjatlariga esa o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash ishlarini qisqa muddatlarda tashkil etish, davlat organlarini yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq arizalar bo‘yicha davlat bojidan ozod etish va boshqa bir qator normalarni belgilashga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.  

Iqtisodiy va Fuqarolik protsessul kodekslari sudlarda o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.  

Fraksiya a’zolari loyihaga partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashib, o‘z takliflarini bildirdi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.