Namangan viloyatidagi Nanay qishlogʻi turizmga ixtisoslashadi

Namangan viloyatidagi Nanay qishlogʻi turizmga ixtisoslashadi

23.09.2024 00:00 O'zbekiston 5

Soʻnggi yillarda Nanayning turizm salohiyati imkoniyatlarini toʻla ishga solish yuzasidan keng koʻlamli harakatlar boshlab yuborilganligi uning yanada obod boʻlishi, aholi turmush sharoitining yuksalishiga yoʻl ochdi. Ayni paytda qishloqda 10 ta zamonaviy dam olish maskani, 15 ta gastronomik turobyekt, 150 dan ortiq mehmon uylari, shunga mos infratuzilma xizmatda. Birgina joriy yil sakkiz oyining oʻzida 17 ming xorijiy va 250 mingdan koʻproq mahalliy mehmonlar kutib olib, kuzatib qoʻyildi.

f9b2764a3b9aa33b1caa894a52bb12f10923

Foto: xs.uz

"Xalq so‘zi" nashri veb saytida xabar qilinishicha, sayyohlik industriyasi jadal kirib kelishi bilan Nanayda oilaviy mehmon uylari faoliyati ommaviy tus ola boshladi. “Doʻstlik” mahallasida yashovchi Habibullo Mirzaaliyev 2019-yili viloyatda birinchi boʻlib, ayni yoʻnalishda xizmat koʻrsatish sertifikatiga ega boʻlgan. Uning “Gulizebo Gulnoza” oilaviy mehmon uyining imkoniyatlari chakki emas. Tunab qoluvchilar uchun moʻljallangan 14 ta shinam xona televizor, muzlatgich va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Yana 10 ta xona gastronomik turizmga moslashtirilgan. Mehmonlarga beshbarmoq, choyxona palov, qotirma, dimlama, qaynatma shoʻrvadan tashqari muzdekkina, qimiz, ayron, qurtob ham taklif etiladi.

Sayyohlikka ixtisoslashtirilgan qishloqdagi oʻzgarishlar, sohaning mustahkam asosini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar Nanayni Oʻzbekiston Shveysariyasiga aylantirdi. Vazirlar Mahkamasining joriy yil avgustidagi tegishli qarori bilan unga Fargʻona vodiysida birinchi boʻlib rasmiy ravishda “Turizm qishlogʻi” maqomi berilganligi ham buning yaqqol tasdigʻidir.

Namangan sayyohlik salohiyatining viloyatdagi bir qishloq misolidagi natijador harakatlar viloyatda sohaning istiqboli, uni iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylantirilayotganidan dalolat beradi.