Joriy haftaning birinchi yarmida Oʻzbekiston hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat 24-25-sentyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida va 25-sentyabrda Xorazm viloyatida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻadi. Bu haqda “Oʻzgidromet” agentligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, haftaning ikkinchi yarmida respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan bir oz salqin va nisbatan nam havo kirib kelishi kutilmoqda.
26-27-sentyabr kunlari Fargʻona vodiysi viloyatlari boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida 26-sentyabrda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.
Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, 24-25-sentyabrda shimolda va choʻl hududlarda, 26-sentyabrda respublika boʻyicha baʼzi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 26-sentyabrda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin. Harorat kechalari 14-17 daraja, kunduz kunlari 23-25-sentyabrda 28-31 daraja, 26-27-sentyabrda 24-27-daraja boʻladi. Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 3-8 metr/sekund tezlikda esadi, 25-26-sentyabrda 10-12 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.