O‘zbekistonda 1-oktyabrdan BHM, pensiya va nafaqalar miqdori oshdi

O‘zbekistonda 1-oktyabrdan BHM, pensiya va nafaqalar miqdori oshdi

03.10.2024 00:00 O'zbekiston 9

pensiya

O‘zbekistonda 1-oktyabrdan boshlab oylik ish haqlari 10 foizga, byudjet tashkilotlarida ishlovchi pedagog va shifokorlarniki esa 15 foizga ko‘tarildi. Bu prezident tomonidan imzolangan “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmonga asosan amalga oshirildi.

Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori ham 10 foizga oshirildi. 

Shunga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston hududida:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 1 mln 155 ming so‘m;

  • bazaviy hisoblash miqdori – 375 ming so‘m;

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 428 ming so‘m;

  • yoshga doir eng kam pensiya – 834 ming so‘m;

  • nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – 920 ming so‘m;

  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – 920 ming so‘m;

  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (834 ming so‘mdan) 920 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari – 920 ming so‘m;

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa – 745 ming so‘m;

  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 745 ming so‘m.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Yangi yil tabrigida 2024-yilda ish haqi, pensiya, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishini ma’lum qilgan.

“2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunda joriy yilgi ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek, ayrim xizmatlar turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun qo‘shimcha 9,5 trillion so‘m ajratilishi belgilangan.

Xususan, 2024-yilda Pensiya jamg‘armasiga 16 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.