Hojatxona qogʻozlari bilan xavfli tryuk qilgan bloger jarimaga tortildi

Hojatxona qogʻozlari bilan xavfli tryuk qilgan bloger jarimaga tortildi

04.01.2025 00:00 O'zbekiston 5

“Jasjan” taxallusi bilan tanilgan bloger J.Sh.ning Toshkent tumanida olgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidga uchragan edi.

416221e01a4a863f878cb0de46bc50200103

Foto: xs.uz

Mazkur videoda bloger hojatxona qogʻozlaridan foydalanib kontent tayyorlab, uning ortidan vayn tasvirga olingan hududda hojatxona qogʻozlarini qoldirib ketgan.

Mazkur holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Toshkent shahar IIBB tomonidan oʻrganildi. Natijada J.Sh. atrof-muhitni ifloslantirib, belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bogʻliq huquqbuzarlikni qasddan, jamoaviy sodir etgan deb topildi. 

"Xalq so‘zi" nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91-1-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 1 million 875 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

“J.Sh. tomonidan bunday huquqbuzarlik avval ham sodir etilgan. Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda va qatʼiy choralar koʻriladi. Shuningdek, huquqbuzarning hamrohlari shaxsiga aniqlik kiritilmoqda va ularga ham qonuniy chora koʻrilishi taʼminlanadi”, – deyiladi xabarda.