Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasidagi hudud osmonini qora tutun qoplagani aks etgan videolar tarqaldi.
"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur holat yuzasidan bayonot bilan chiqqan.
Videodan kadr xs.uz
Qayd etilishicha, ayni kunlarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari chegarasidagi neytral hududda, Amudaryo ichkarisida joylashgan kichik orolchalarda qamishzorlarni rejali tartibda yoqish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Ushbu tadbir zararli hasharotlar koʻpayishi va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida mutasaddi idoralarning ruxsati va masʼul organlarning oʻzaro kelishuvi asosida olib borilmoqda”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, yongʻin harakatlari va ularning koʻlami toʻliq nazorat qilinmoqda.
Hokimlik, shuningdek, fuqarolardan vaziyat boʻyicha ortiqcha vahimaga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa aholi oʻrtasida xavotir keltirib chiqaruvchi asoslanmagan axborotlarni tarqatmaslikni soʻragan.