JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 7-turi doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi qo‘shni Qirg‘iziston ustidan muhim g‘alabaga erishdi
«Bunyodkor» stadionida 32 mingdan ortiq tomoshabin qarshisida o‘tgan bahs voqealarga boy o‘tdi. Uchrashuvning kulminatsion voqeasi 24-daqiqada yuz berdi. Hojiakbar Alijonovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun qirg‘izistonliklar futbolchisi Said Datsiyev maydondan chetlatildi va raqiblar darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. Ammo Eldor Shomurodov penaltidan foydalana olmadi – Erjan Tokotayev zarbani qaytardi.
40-daqiqada Fayzullayevning pasidan keyin Hojiakbar Alijonov kuchli zarbasi bilan hisobni ochdi – 1:0.
Ikkinchi bo‘limning asosiy voqeasi Jaloliddin Masharipovning mug‘ombirlik uchun ogohlantirilgani bo‘ldi. U endi 25 mart kungi Eronga qarshi safardagi o‘yinda maydonga tusha olmaydi.
Temur Kapadze shogirdlari ikkinchi bo‘limda ham bir qator golli vaziyatlar yaratgan bo‘lsa-da, maydonda 10 kishi to‘p surgan raqiblar darvozasiga boshqa to‘p yo'llay olmadi. Shu tariqa, O‘zbekiston 7 o‘yindan keyin 16 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Eron onlayn javdalda 19 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. 3-o‘rinda borayotgan BAA hisobida hozircha 10 ochko mavjud. 8-turda Erondagi g‘alaba O‘zbekiston milliy jamoasiga muddatdan avval JCh-2026 yo‘llanmasini taqdim etishi mumkin.