Oʻzbekiston hududlarida aholi fikri asosida mahallalarni obodonlashtirish va muammolarini hal etishga qaratilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2025-yilgi ikkinchi mavsumi 15-iyul kuni boshlanadi. Ushbu jarayon 31-avgustgacha davom etadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyihaga koʻra, dastlab 15-iyuldan 3-avgustgacha loyihalar kiritish bosqichi oʻtkaziladi. Unda fuqarolar oʻz mahallalari uchun muhim deb hisoblagan taklif va tashabbuslarini onlayn tarzda taqdim etishlari mumkin.
4-18-avgust kunlari esa loyihalarni saralash bosqichi boʻlib oʻtadi. Bu davrda kiritilgan takliflar texnik jihatdan koʻrib chiqilib, loyiha talablariga mos keladiganlari tanlab olinadi.
19-21-avgust kunlari targʻibot bosqichi oʻtkaziladi. Unda tanlab olingan loyihalar aholiga keng tanishtiriladi, mahalla faollari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan tashabbuslarning ahamiyati va natijalari haqida tushuntirish ishlari olib boriladi.
Asosiy bosqich — ovoz berish jarayoni 22-31-avgust kunlari oʻtkaziladi. Shu davr mobaynida aholining har bir vakili oʻz mahallasi uchun muhim deb hisoblagan loyiha uchun ovoz beradi.
Yakuniy natijalar 1-sentyabr — Mustaqillik bayrami kuni eʼlon qilinadi. Eng koʻp ovoz topgan loyihalar “Tashabbusli byudjet” doirasida moliyalashtiriladi va amalga oshiriladi.
Mazkur jarayon “Sizning fikringiz, sizning tanlovingiz, sizning mahallangiz kelajagi” tamoyiliga asoslanadi va aholining bevosita ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.