Gurbanguli Berdimuhamedov “Oliy darajali do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi

25.04.2025 00:00 MARKAZIY OSIYO 7

Gurbanguli Berdimuhamedov

O‘zbekiston prezidenti turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovni “qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari uchun” “Oliy darajali do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.

Ikki tomonlama muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekistonning yuksak davlat mukofoti — “Oliy darajali do‘stlik” ordenini tantanali topshirishdi. Bu haqda Prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

“Qardosh Turkmanistonning barcha ulkan yutuqlari, keng ko‘lamli yangilanishlari va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi sizning nomingiz bilan chambarchas bog‘liq”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shu munosabat bilan Gurbanguli Berdimuhamedovning 2025-yilni “Tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.

Turkmaniston yetakchisining shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga chiqqani, haqiqatdan namunaviy tus olgani ta’kidlandi.

“Shaxsan sizning ko‘magingiz bilan 2017-yilda davlatlarimiz strategik sherikligining mustahkam asosi yaratildi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.