Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumanqarinning ma’lum qilishicha, Qozog‘istondan geologlar guruhi Afg‘onistonga yuborilgan. Ular bu yerda qattiq foydali qazilmalar mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarni o‘rganishadi.
Vazirga ko‘ra, ERG Exploration, Kazakhmys Barlau va Kazatomprom kabi yirik kompaniyalar ushbu istiqbolli konlarni izlab topish va ularga sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan.
Afg‘oniston tomoni o‘z navbatida, qozog‘istonliklarni qiziqtirayotgan tabiiy resurslar bo‘yicha tasdiqlangan zahiralar haqida zarur ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, vazirning Qobulga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 140 million AQSH dollaridan ortiq shartnomalar imzolangan.
Tomonlar yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, investitsiyalar va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish borasida kelishuvga erishgan.
“Afg‘oniston Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasida muhim logistika markaziga aylanishi mumkin. Qozog‘iston esa oziq-ovqat, zamonaviy texnologiyalar, mashinasozlik, kimyo sanoati va IT mahsulotlarining ishonchli yetkazib beruvchisi bo‘lishga tayyor”, deya ta’kidlagan Serik Jumanqarin.