Olmaotada O‘zbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirishga doir forum bo‘lib o‘tdi

12.05.2025 00:00 MARKAZIY OSIYO 12

f4597d9922de48d251f45a83c6e5fc1d

Olmaotada O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi. Tadbirning maqsadi Oʻzbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini har tomonlama targʻib qilish va Qozogʻiston bilan turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Forumda  turizm sohasi vakillari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish tajriba almashish, mintaqaviy hamkorlik bo’yicha qoʻshma tashabbuslarni kengaytirish masalalari ko’rib chiqildi. 

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Ibragimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosini xalqaro turizmni rivojlantirishning mustahkam poydevori sifatida qayd etdi.

Tadbirda “Kazakh turizm” Milliy kompaniyasi vakili, Markaziy Osiyoni yagona sayyohlik makoniga aylantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi vakili mamlakatimiz hududlarining sayyohlik imkoniyatlari haqida taqdimot qildi. Infratuzilmani rivojlantirish, ichki turizm va xalqaro bozorga yo‘naltirilgan yangi turizm mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlarga Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari hamda zamonaviy turizm infratuzilmasi obyektlari, ekologik va gastronomik turizm imkoniyatlari aks etgan videorolik namoyish etildi.

B2B sessiyasi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston sayyohlik kompaniyalari vakillari taqdimot qildilar. Ishbilarmonlik uchrashuvlari qo‘shma sayohatlarni muhokama qilish, tajriba almashish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun maydonga aylandi.