Eron – Isroil mojarosi hech qanday shartlarsiz toʻxtatilishi kerak, biroq Tehronga Isroilning “sarguzashtlari” endi yuz bermasligi uchun kafolatlar zarur. Ayni fikrlarni Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon aytib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
“Biz doimo tinchlik va osoyishtalikka intilganmiz, ammo hozirgi sharoitda urushni tugatishning yagona yoʻli – hech qanday shartlarsiz, shuningdek, sionist terrorchilarning sarguzashtlari abadiy toʻxtashiga kafolat bilan dushman tajovuzini toʻxtatishdir”, – dedi Pezeshkiyon.
Aks holda, uning fikricha, Eron qattiqroq javob beradi.
Oʻz navbatida Eron Tashqi ishlar vazirligi muzokaralarni boshlash shartini maʼlum qildi.
Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchining aytishicha, Isroil unga hujum qilishda davom etar ekan, Tehron hech kim bilan muzokaralarni boshlamaydi.
“Hozirgi sharoitda sionistik rejimning Eronga hujumlari davom etar ekan, biz hech kim bilan muzokara qilishni istamaymiz”, – deya taʼkidladi siyosatchi.
Araqchining soʻzlariga koʻra, AQSH Eronga “jiddiy xabarlar” yuborgan. Tehron bunga javoban Isroil zarbalari toʻxtatilgunga qadar “muloqot va diplomatiya haqida gap boʻlishi mumkin emasligini” ochiq aytgan.