11
11

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda C-390 Millennium samolyotiga ega birinchi davlat boʻldi

Braziliyaning Embraer kompaniyasi Oʻzbekiston Harbiy-havo kuchlariga birinchi C-390 Millennium koʻp maqsadli harbiy-transport samolyotini topshirdi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy saytida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, samolyotni topshirish marosimi kompaniyaning Braziliyaning Gavian-Peyshotu shahridagi zavodida boʻlib oʻtgan. Unda Oʻzbekiston Harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni general-mayor Ahmad Jamolovich Burxonov va “Oʻztextreyd” davlat muassasasi direktori Olimxon Bakiyevich Rustamov ishtirok etgan.

Shu tariqa, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda C-390 Millennium samolyotidan foydalanishni boshlagan birinchi davlat boʻldi. 2024-yil oxirida imzolangan shartnoma doirasida samolyot bilan birga ehtiyot qismlar yetkazib berish, harbiy xizmatchilarni oʻqitish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻmak ham nazarda tutilgan.

C-390 Millennium 26 tonnagacha yuk tashiy oladi va soatiga 870 kilometrgacha tezlikda ucha oladi. U harbiy xizmatchilar va yuklarni tashish, texnika hamda shaxsiy tarkibni parashyut bilan tushirish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv ishlari, yongʻinlarni oʻchirish va gumanitar operatsiyalarda qoʻllanilishi mumkin. Samolyot asfaltlanmagan yoki vaqtincha tayyorlangan uchish-qoʻnish yoʻlaklaridan ham foydalana oladi.

Embraer maʼlumotiga koʻra, C-390 Millennium samolyoti Braziliya, Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Shvetsiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Slovakiya, Kolumbiya va Litva harbiy-havo kuchlari tomonidan ham tanlangan. Oʻzbekistonga birinchi samolyotning topshirilishi mamlakat Harbiy-havo kuchlarining transport imkoniyatlarini yangilashdagi muhim qadam boʻldi.