Seuldan iliq taassurotlar: Oʻzbekiston–Koreya doʻstligining yangi sahifalari

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tonggi tarovat yurtiga tashrifi samimiy uchrashuv va suhbatlarga boy boʻldi. Birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti doirasida davlatimiz rahbari mintaqa davlatlari rahbarlari bilan muloqot qilib, ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikning yangi rejalarini muhokama qildi. Samimiy tabassumlar va bemalol suhbatlar mamlakatlarimiz hamda ularning yetakchilari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni yaqqol namoyon etadi.

Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi sobiq elchisi Li Uk Xyon bilan suhbat, ayniqsa, samimiy kechdi. Bu uchrashuv oʻtgan yillarni, Oʻzbekiston–Koreya doʻstligini mustahkamlash yoʻlida birgalikda amalga oshirilgan ishlarni yodga olish imkonini berdi.

Sammit arafasida davlatimiz rahbari Milliy Assambleya Spikeri uchun koreys tiliga tarjima qilingan “Mirziyoyev doktrinasi” kitobiga mamnuniyat bilan dastxat yozib berdi. Bu Yangi Oʻzbekiston gʻoyalari va islohotlariga boʻlgan samimiy qiziqishning yana bir ifodasidir.

Koreyalik doʻstlarimiz davlat tashrifiga alohida eʼtibor va ehtirom koʻrsatdi. Janubiy Koreyadagi eng baland bino – Lotte World Tower hamda Seul teleminorasida Oʻzbekiston bayrogʻining yorqin tasvirlari namoyon boʻldi. Prezidentimiz tashrifi sharafiga bayrogʻimiz ranglaridagi dirijabl parvoz qildi, qarorgoh oldidagi favvorada esa davlatimiz gerbi va bayrogʻi tasvirlari aks ettirildi.

Bularning barchasida mezbonlarning samimiy mehmondoʻstligi va yuksak hurmati sezilib turardi. Seuldan iliq taassurotlar va doʻstligimizning istiqboli porloq ekaniga ishonch bilan qaytdik.