Menyuda — cho‘l jensheni

Shinjonning Xo‘tan hududidagi Yutyan tumanida „cho‘l jensheni“ deb ham ataladigan sistanxe o‘simligidan tayyorlanadigan taomlarga bag‘ishlangan pazandachilik tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda 23 ta savdo nuqtasi ishtirok etib, 32 xil taom taqdim etdi. Tanlovdan tashqari, taomlarni degustatsiya qilish, mahsulotlar ko‘rgazmasi va jonli efirdagi taqdimotlar ham tashkil etildi.

Yutyan sistanxe yetishtiriladigan asosiy hududlardan biridir. Uning poyasi yulg‘un va saksovul ildizlarida o‘sadi. Bu o‘simlikni yetishtirish bir vaqtning o‘zida qumlarni mustahkamlash va cho‘l hududlaridan xo‘jalik maqsadlarida foydalanish bilan bog‘liq. Shu sababli sistanxe mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Ishtirokchilar an’anaviy taom va ichimliklar bilan bir qatorda, sistanxedan foydalanishning yangi usullarini ham taqdim etdilar. Ular orasida sistanxe qo‘shib dimlangan go‘sht, bo‘tqa, choy va qandolat mahsulotlari bor. Ko‘rgazmada, shuningdek, quritilgan sistanxe va tez tayyorlanadigan ichimliklar kabi chuqur qayta ishlangan mahsulotlar ham namoyish etildi.

Tanlov doirasida ishtirokchilarga eng ko‘p ma’qul kelgan taomlarni tayyorlagan restoranlar va oshpazlar taqdirlandi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, tanlovdan ko‘zlangan maqsad sistanxeni iste’mol qilishning yangi usullarini namoyish etish va uni oziq-ovqat mahsulotlari uchun xomashyo sifatidagi imkoniyatlar haqida tasavvurni kengaytirishdan iborat. Vazifalar qatoridan mahalliy xomashyoni qayta ishlash zanjirini kengaytirish va tayyor mahsulotlarni targ‘ib qilish ham o‘rin olgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu tajriba cho‘l hududlari resurslaridan foydalanishning amaliy jihatdan qiziqarli variantlaridan biri bo‘lishi mumkin. O‘simlik yetishtirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va yangi savdo kanallarini birlashtirish mahsulotlar turini kengaytirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish imkonini beradi.