Hisoblash quvvatlari hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

10.09.2026 10:00 IPAK YO‘LI 4475 ipaknews.uz

XXR, Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonidagi Shinjon xalqaro integratsiyalashgan hisoblash markazi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirib, qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar va boshqa ma’lumotlarni qayta ishlash uchun hisoblash quvvatlari hamda texnologik ko‘mak taqdim etmoqda.

Markaz 2025-yil may oyida foydalanishga topshirilgan. Markaz rahbari Tan Shuxenning so‘zlariga ko‘ra, hozirda obyektning eng yuqori hisoblash quvvati 2000 petaflopsga yetadi. Markazning ikkinchi bosqichi doirasida yana 8000 petaflops quvvat qo‘shilishi rejalashtirilgan. Natijada markazning umumiy maksimal hisoblash quvvati 10 000 petaflopsni tashkil etishi kutilmoqda.

Tan Shuxenning ta’kidlashicha, markazni joylashtirish uchun Shinjon hududini tanlashda uning geografik joylashuvi va Markaziy Osiyo davlatlarini qamrab olish imkoniyati hisobga olingan. U mintaqaning muhim afzalliklari qatorida energetika resurslarini, jumladan, «yashil» elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatini ham qayd etdi. Bu esa hisoblash infratuzilmasini ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

Markaz, shuningdek, Xitoyning «Ma’lumotlar sharqda - hisoblash quvvatlari g‘arbda» loyihasi va milliy hisoblash quvvatlari tarmog‘ining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, uning faoliyati Raqamli Ipak yo‘lini rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lib, «Bir makon - bir yo‘l» tashabbusi ishtirokchi davlatlariga hisoblash xizmatlarini taqdim etishni nazarda tutadi.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyo davlatlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalardir. Xitoy va Markaziy Osiyo hamkorligining 12-forumida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan Markaziy Osiyoda makon-vaqt intellekti va barqaror rivojlanish bo‘yicha Xalqaro qo‘shma laboratoriyani tashkil etish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

Ushbu laboratoriya doirasida markaz mintaqa davlatlariga tasvirlarni deshifrlash, qishloq xo‘jaligi va mineral resurslarga oid ma’lumotlarni qayta ishlash kabi hisoblash xizmatlarini taqdim etadi. Shuningdek, turli sohalarni rivojlantirish uchun texnologik ko‘mak ko‘rsatadi.

Forumdan so‘ng Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘istonning tegishli idoralari mutaxassislari va vakillari hisoblash markaziga tashrif buyurdi. Tan Shuxenning so‘zlariga ko‘ra, mehmonlar markazning hisoblash imkoniyatlari, ko‘lami va ilmiy-tadqiqot salohiyatiga yuqori baho bergan.

Markaz rahbari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyodagi hamkorlar nafaqat hisoblash xizmatlaridan foydalanish, balki mutaxassislar almashinuvi va kadrlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga ham qiziqish bildirmoqda.

Shunday qilib, Shinjonning hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish sohalarni raqamlashtirish va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Energetika resurslari, tabiiy sovitish imkoniyati, geografik joylashuv va hisoblash infratuzilmasining uyg‘unligi markazni yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirish uchun asos sifatida ko‘rilmoqda.