Oʻzbekiston – Serbiya munosabatlarining yangi bosqichi

Oliy darajada oʻtkazilgan muzokaralar yakunida strategik sheriklik oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma deklaratsiyaning imzolanishi va 11 ta hukumatlararo hamda idoralararo hujjatning qabul qilinishi ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarning mazmunan kengayayotganini koʻrsatdi. Ushbu tashrif ikki davlat munosabatlaridagi yangi bosqichni Markaziy Osiyo va Bolqon mintaqasi oʻrtasida iqtisodiy va transport bogʻliqliklarini shakllantirish jarayoni bilan ham uzviy bogʻladi.

Strategik sheriklikning eng muhim jihati munosabatlarni institutsional asosda mustahkamlashga qaratilgan mexanizmlarning shakllanayotganida koʻrinadi. Diplomatik vakolatxona ochish boʻyicha qaror, erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim yuzasidan muzokaralarni boshlash rejasi, 2026-2028-yillarga moʻljallangan sanoat hamkorligi rejasi, transport sohasidagi kelishuvlar, mehnat mobilligi va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar munosabatlarning amaliy mazmunini belgilab bermoqda. Bu jarayonda siyosiy muloqot iqtisodiy loyihalar bilan toʻldirilmoqda va ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik uzoq muddatli mexanizmlar asosida shakllanmoqda.

Oʻzbekiston uchun Serbiyaning ahamiyati avvalo uning geografik oʻrni bilan bogʻliq. Serbiya Bolqon yarimorolining markaziy qismida joylashgan va Janubi-Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Yevropa transport tarmoqlari kesishadigan hududda muhim rol oʻynaydi. Oʻzbekiston dengiz portlariga bevosita chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan davlat sifatida tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga katta ehtiyoj sezadi. Shu sababli Yevropa bozorlariga chiqishning yangi logistik imkoniyatlarini shakllantirish Toshkentning tashqi iqtisodiy strategiyasida muhim oʻrin egallaydi.

Oʻzbekiston va Serbiya munosabatlarining diqqatga sazovor jihati ularning rivojlanish surʼatida ham koʻrinadi. Ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1995-yilda oʻrnatilgan boʻlsa-da, uzoq vaqt davomida aloqalar asosan xalqaro tashkilotlar doirasidagi muloqotlar bilan cheklangan edi. Vaziyat 2025-yil oktyabrida Aleksandr Vuchichning Toshkentga amalga oshirgan tarixiy tashrifidan keyin oʻzgardi. Oradan bir yil ham oʻtmasdan Serbiya tashqi ishlar vazirining Toshkentga tashrifi, qoʻshma hukumatlararo komissiyaning tashkil etilishi, biznes-forumlar va muntazam siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmining ishga tushirilishi munosabatlarni jadal surʼatlarda yangi bosqichga olib chiqdi. Belgradda imzolangan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiya aynan shu tezlashgan siyosiy muloqotning mantiqiy davomi boʻldi.

Serbiya bu jarayonda Oʻzbekiston uchun Bolqonlar va Janubi-Sharqiy Yevropa bozorlariga yaqinlashish nuqtalaridan biri boʻlishi mumkin. Belgradning geografik oʻrni Dunay havzasi, Markaziy Yevropa va Janubi-Sharqiy Yevropa transport tizimlari bilan bogʻlanish imkonini beradi. Oʻzbekistonning sanoat va eksport salohiyati oʻsib borayotgan sharoitda bunday logistik imkoniyatlarning ahamiyati yanada ortadi.

Serbiya uchun Oʻzbekistonning ahamiyati ham shunga oʻxshash iqtisodiy mantiqqa ega. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning aholisi koʻp va iqtisodiy salohiyati yuqori davlatlaridan biri hisoblanadi. Belgrad uchun Toshkent bilan yaqin iqtisodiy munosabatlar Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatini kengaytirishi mumkin. Serbiya sanoati uchun Oʻzbekistonda avtomobil komponentlari, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi texnikasi va boshqa sohalarda qoʻshma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari mavjud.

Eʼtiborli jihati shundaki, siyosiy muloqotning yuqori darajasi hozircha iqtisodiy koʻrsatkichlarda toʻliq aks etgani yoʻq. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) tomonidan eʼlon qilingan rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi taxminan 12 million dollarni tashkil etgan. Shu nuqtayi nazardan erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralar va 2026-2028-yillarga moʻljallangan sanoat hamkorligi rejasi mavjud disbalansni bartaraf etishga qaratilgan amaliy mexanizm sifatida koʻrilmoqda. Agar rejalashtirilgan loyihalar amalga oshsa, Toshkent va Belgrad oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar tayyor mahsulotlar savdosi bilan cheklanib qolmaydi. Investitsiya, texnologiya, qoʻshma ishlab chiqarish va logistika bir-birini toʻldiruvchi yoʻnalishlarga aylanishi mumkin.

Biroq munosabatlarning eng katta strategik salohiyati transport sohasida namoyon boʻlmoqda. Oʻzbekistonning Yevropa bilan bogʻlanish imkoniyatlari tobora koʻproq Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Bolqonlar orqali oʻtadigan transport tarmoqlari bilan bogʻlanmoqda. Bu jarayonda Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi, yaʼni “Oʻrta yoʻlak” alohida ahamiyat kasb etadi.

“Oʻrta yoʻlak”ning transport yoʻli sifatidagi strategik ahamiyati Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi, Kavkaz, Turkiya va Yevropa transport tarmoqlarini bir-biriga ulaydigan multimodal tizim ekanligida namoyon boʻladi. Marshrutning asosiy yoʻnalishi Markaziy Osiyodan Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga, keyin Gruziya yoki Turkiya orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi.

Oʻzbekiston uchun bu tarmoqning ahamiyati juda katta. Toshkent va Navoiy kabi iqtisodiy markazlardan chiqqan yuklar Qozogʻistonning Aqtau va Quriq portlari orqali Kaspiy dengiziga yoʻnaltirilishi mumkin. Kaspiy orqali yuklar Boku yaqinidagi Alyat portiga yetib boradi. U yerdan Kavkaz temir yoʻllari orqali Gruziyaga yoki Boku-Tbilisi-Kars yoʻnalishi orqali Turkiyaga chiqish imkoniyati mavjud.

Turkiya yoʻnalishi orqali transport oqimlari Istanbul va Marmaray infratuzilmasi vositasida Yevropa temir yoʻl tizimiga ulanadi. Keyingi bosqichda Bolgariya va boshqa Bolqon davlatlari orqali Serbiyaga yetib borish imkoniyati paydo boʻladi. Boshqa variantda Gruziyaning Poti va Batumi portlari orqali Qora dengiz yoʻnalishiga chiqish mumkin. Bu yerda Ruminiya va Bolgariya portlari Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa bozorlariga tarqalish nuqtalari vazifasini bajarishi mumkin.

Bunday geografiya Belgradning ahamiyatini yanada oshiradi. Serbiya Oʻrta yoʻlakning bevosita qismi boʻlmasa ham, ushbu tarmoqning Yevropa ichidagi davomida muhim taqsimlash markazlaridan biriga aylanishi mumkin. Belgrad orqali Dunay transport tizimi, Markaziy Yevropa bozorlari va Janubi-Sharqiy Yevropa yoʻnalishlari bilan bogʻlanish imkoniyati paydo boʻladi.

Toshkent-Belgrad munosabatlarini tashqi siyosatdagi koʻp vektorlilik nuqtayi nazaridan ham koʻrib chiqish mumkin. Ikki davlat ham xalqaro munosabatlarda biror markazga haddan tashqari bogʻlanib qolishdan qochish va tashqi sheriklar doirasini kengaytirishga harakat qilmoqda. Bu jarayon xalqaro munosabatlar nazariyasida “hedging” tushunchasi orqali izohlanadi. Davlat bir vaqtning oʻzida turli markazlar bilan munosabatlarni saqlaydi va strategik manyovr imkoniyatini maksimal darajada ochiq qoldirishga intiladi.

Oʻzbekiston Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Turkiya va boshqa davlatlar bilan parallel munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatiga ega. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida mintaqaviy hamkorlikning kuchayishi ham Oʻzbekistonning tashqi siyosiy manyovr imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Serbiya esa Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish maqsadini saqlab qolgan holda Rossiya va Xitoy bilan yaqin munosabatlarni davom ettirmoqda. Shu sababli Serbiya uchun Oʻzbekiston bilan strategik sheriklik tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirish nuqtayi nazaridan qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.

Toshkent-Belgrad munosabatlarining yana bir muhim jihati Markaziy Osiyo va Bolqon mintaqasi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va koʻp yoʻnalishli aloqalarning kuchayishi bilan bogʻliq. Markaziy Osiyoning tashqi iqtisodiy va geosiyosiy aloqalari koʻp hollarda Rossiya, Xitoy, Afgʻoniston, Eron va Janubiy Osiyo kontekstida tahlil qilib kelingan. Bugun Kavkaz, Turkiya, Qora dengiz va Bolqon mintaqasi bilan bogʻliqlik ham mintaqaning tashqi iqtisodiy va geosiyosiy imkoniyatlarini tushunishda muhim omilga aylanmoqda.

Shu maʼnoda Markaziy Osiyodan Kaspiy dengizi orqali Kavkazga, keyin Turkiya va Bolqon mintaqasiga chiqadigan transport-iqtisodiy hamkorlik yoʻli shakllanishi mumkin. Bu yoʻl asnosida transport, savdo, investitsiya, sanoat va raqamli sohalarda birgalikda rivojlanish zarurati yotadi. Bunday yondashuv hozirgi global iqtisodiy fragmentatsiya sharoitida davlatlarga tashqi aloqalarini diversifikatsiya qilish imkoniyatini beradi.

Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasidagi strategik sheriklik hozircha muayyan iqtisodiy va institutsional manfaatlar kesishuviga asoslangan. Uning haqiqiy natijasi imzolangan hujjatlar soni bilan emas, amalga oshirilgan loyihalar, oʻsgan savdo hajmi, ochilgan transport marshrutlari va yaratilgan sanoat kooperatsiyasi bilan oʻlchanadi.

Sirasini aytganda, joriy yilning 7-8-sentyabr kunlari Belgradda erishilgan kelishuvlarning ahamiyatini uch darajada koʻrish mumkin. Birinchi darajada Oʻzbekiston va Serbiya munosabatlari strategik sheriklik bosqichiga koʻtarildi. Ikkinchi darajada savdo munosabatlarini sanoat, investitsiya, mehnat mobilligi va transport hamkorligi bilan kengaytirish uchun huquqiy asos yaratildi. Uchinchi darajada Markaziy Osiyo va Bolqon mintaqasi oʻrtasidagi iqtisodiy bogʻliqlikni kuchaytirish uchun yangi imkoniyat paydo boʻldi.

Eng muhimi, bu jarayon Oʻzbekiston tashqi siyosatining kengroq mantigʻini aks ettiradi. Mamlakat oʻzining geografik cheklovlarini tashqi siyosat, mintaqaviy hamkorlik va transport infratuzilmasi orqali yumshatishga intilmoqda. Dengizga bevosita chiqish imkoniyatining yoʻqligi oʻzgarmaydigan geografik fakt boʻlib qoladi. Biroq bu holat mamlakatning tashqi iqtisodiy imkoniyatlarini belgilab beruvchi yagona omil emas. Yangi transport tarmoqlari orqali geografiyaning iqtisodiy va geosiyosiy ahamiyati qayta shakllanishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, Belgradda imzolangan strategik sheriklik ikki davlat munosabatlarining yangi sifat bosqichini anglatadi. Uning ahamiyati faqat Toshkent va Belgrad oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar bilan cheklanmaydi. Agar transport yoʻlaklari, sanoat kooperatsiyasi va savdo mexanizmlari amalda ishlay boshlasa, ushbu hamkorlik Markaziy Osiyo va Bolqon mintaqalari oʻrtasidagi yangi iqtisodiy bogʻliqlikning muhim boʻgʻiniga aylanishi mumkin. Bu esa Oʻzbekistonning Yevroosiyo transport va iqtisodiy makonidagi oʻrnini yanada kuchaytirish imkonini beradi.