Bugun Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida Oʻzbekiston Biatlon federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi, Qishki sport turlari assotsiatsiyasi va bir qator sport tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabariga koʻra, konferensiya boshida Oʻzbekiston Biatlon federatsiyasi raisi oʻrinbosari Anvar Kurbaniyazov 2022-yilda taʼsis etilgan mazkur federatsiya tomonidan toʻrt yil davomida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi.
Soʻngra tashkiliy masalalar, jumladan, federatsiya raisi va rais oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlar koʻrib chiqildi. Yigʻilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari Husan Botirov federatsiya raisi lavozimiga, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi boshligʻi Mansur Mamadaminov federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari oʻrinbosari Anvar Kurbaniyazov federatsiya raisi oʻrinbosari lavozimiga saylandi.
Konferensiya davomida Oʻzbekiston Biatlon federatsiyasi raisi Husan Botirov oʻziga bildirilgan yuksak ishonch uchun delegatlarga minnatdorlik bildirib, federatsiyaning istiqboldagi strategik maqsad va rejalari toʻgʻrisida maʼlumot berdi. U 2027-yil fevralida Estoniyaning Otepya shahrida biatlon boʻyicha oʻtkaziladigan Jahon Chempionati va 2030-yilda Fransiyaning Alp togʻlarida tashkil etiladigan XXVI Qishki Olimpiya oʻyinlariga oʻzbekistonlik sportchilarning ilk marotaba qatnashishiga jiddiy hozirlik koʻrilishini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yilning yanvar oyida Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Biatlon federatsiyasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan edi.