Fargʻonada koʻp qavatli uy yertoʻlasida akula boqilayotgani aniqlandi

Fargʻona shahridagi koʻp qavatli uylardan birining yertoʻlasida sunʼiy suv havzada noqonuniy ravishda akula boqilayotgani aniqlandi. Bu haqda Fargʻona viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, idora tomonidan Fargʻona shahridagi “Muruvvat” MFY, Fargʻona koʻchasi, 78-uyda navbatdagi monitoring oʻtkazilgan. Oʻrganish davomida bir qator qoidabuzarliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berilgan.

Xususan, mazkur koʻp qavatli uyning 78/17-xonadoni mulkdori yertoʻla qismini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 648-son qarori talablariga zid ravishda oʻzboshimchalik bilan jihozlagani maʼlum boʻlgan. U yerda sunʼiy hovuz tashkil etilib, baliq, jumladan, akula yetishtirilayotgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 159¹-moddasiga asosan maʼmuriy jarima qoʻllanilgan. Shuningdek, yertoʻlani 15 kun muddatda boʻshatib, uni asl holatiga keltirish boʻyicha mulkdorga yozma koʻrsatma berilgan.

Bundan tashqari, ichimlik suvidan oʻzboshimchalik bilan foydalanilgani holati boʻyicha ham tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgan.